Kitob tarixi
Insoniyat rivojida aql-idrok va ruhiy barkamollik
vositasi bo‘lgan kitob buyuk mo‘’jiza. Darhaqiqat, kitob odamzodning
yaqin sirdoshi, yo‘ldoshi va uni asrlardan asrlarga olib o‘tgan ziyo
mash’alidir. Kitoblar faqat bilim manbai
bo‘libgina qolmay, madaniy hayotimizning betakror san’ati sifatida yashab
kelayotir. Xalqimiz azal-azaldan ilmga, kitobga chanqoq. Shu bois yurtimizda
kitobatchilik qadimdan rivojlanib kelgan. Fikrimizga dalil sifatida “Avesto”
qo‘lyozmalari, sopol idishlar, charm o‘ramlari, metall buyumlardagi yozuvlarni
aytsak bo‘ladi.
Kitobat san’ati bir qancha qo‘li gul
hunarmandlar tomonidan bajariladigan murakkab jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Jumladan, bular — qog‘ozrez, xattot (kitob va risolalarni ko‘chiruvchi kotib),
lavvoh (lavh yasovchi usta), muzahhib (zarhal beruvchi mo‘yqalam sohibi),
musavvir (rassom), sahhof (muqovasoz)lardan iborat jamoadir.
Qo‘lyozma kitoblarni tayyorlashda kitob uchun
yaxshi, sifatli qog‘oz tanlash muhim bo‘lgan. Bu o‘rinda Samarqand qog‘ozi,
ayniqsa, o‘zining bejirimligi va sifati bilan dong taratgan. Samarqand
qog‘ozlari miloddan avvalgi davrda Buyuk Ipak yo‘li orqali Eron,
Hindiston, Shom va Rumgacha yetib borgan.
“Maroqand qog‘ozlari, — deb yozgan edi qadimgi
yunon olimi Gerodot “Tarix” asarida, — o‘zining sifati, yozuvning tiniq
ko‘rinishi, ixchamligi bilan Xitoy qog‘ozlaridan yuqori turadi”. Tarixchi
Narshaxiyning VI—VII asrlardan hikoya qiluvchi mashhur “Buxoro tarixi”
hamda Firdavsiyning “Shohnoma” asari ham Samarqand qog‘oziga bitilgani tufayli
bugungi kungacha yetib kela olgan. Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Samarqand
qog‘ozi haqida quyidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan: “Dunyoda eng yaxshi
qog‘oz Samarqanddin keltiriladur”. Aytish kerakki, Samarqand XIX asrning
birinchi yarmigacha ko‘pgina mamlakatlarning qog‘ozga bo‘lgan ehtiyojini
qondirib kelgan. Hatto Shosh, Tabriz shaharlarida Samarqand qog‘ozlari
sotiladigan do‘konlar bo‘lgan.
Xattotlar matnni qog‘ozga yozishda mistar
(maxsus qog‘oz-karton) ustiga ip tortib uning izini matn yoziladigan qog‘ozga
tushirib olganlaridan so‘ng matn yozishga kirishganlar. Matnni qanday
joylashtirish xattotning mahoratiga bog‘liq bo‘lgan. Yozilgan matnni lavvoh
hoshiyali qog‘ozga yelimlagan, uning ustidan jadvalkash turli-tuman
ranglarda chiziqlar tortib, matnni jadvalga olgan. Keyin esa muzahhib oltin
suvi va turli ranglar bilan qo‘lyozmani ziynatlagan. Bunda muzahhiblar “shams”,
“lavha”, “sarlavha”, “zarvaraq”, “xotima” kabi naqshlardan foydalanganlar.
Bo‘sh qoldirilgan joylarga musavvirlar miniatyura ishlaganlar. Ular
rasmlarni turli ranglarda, oltin, kumush ishlatgan holda bo‘yaganlar.
Nihoyat, muqovachilar qo‘lyozmaga naqsh va turli xil bo‘yoqlar bilan jilo
berganlar, oltin suvlari yurgizilgan charm muqovaga biriktirganlar. Muqovaning
qopqog‘i ko‘pincha bosma, o‘yma, qadama naqshlar, yorqin rasmlar bilan
bezatilgan kumush yoki yog‘ochdan bo‘lgan.
Temuriylar hukmronligi davrida kitobat san’ati
yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. O‘sha davrlarda mashaqqatli mehnat bilan bunyodga
kelgan nafis kitoblar oz nusxada, nihoyatda qimmat bo‘lar edi. Bunday kitoblar
ko‘pincha podshohlar, amirlar va davlatmand kishilar buyurtmasi bilan ishlanar
va maxsus kutubxonalarda saqlanardi. Kitobat va xattotlik san’ati XIV—XV
asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Mashhur xattot Mirali Tabriziy
nasta’liq xatini kashf etadi. Mohir xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy,
Nizomiy Ganjaviy, Farididdin Attor, Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Xisrav Dehlaviy,
Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa ijodkorlarning asarlarini mahorat bilan
ko‘chirgan. Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan 50 dan ziyod kitob
hozirgi kunga qadar yetib kelgan. U o‘ymakorlik san’atida ham mohir bo‘lib,
Husayn Boyqaroning “Bog‘i Jahonoro” bog‘idagi saroy va boshqa binolarning
devorlariga o‘yib bitiklar yozgan.
Temuriy hukmdorlar devonxonalari qoshida,
xususan, Samarqand va Hirotda saroy kutubxonalari tashkil etilib,
ularning boshliqlari “kitobxona dorug‘asi” yoki “kitobdor” deb atalgan.
Ularning qo‘l ostida ko‘plab xushnavis xattotlar, qo‘li gul naqqoshlar,
musavvirlar, mohir lavvohlaru sahhoflar buyurtmalar bajarganlar. Masalan, XIV
asrning birinchi yarmida Hirotda Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur Mirzo
kutubxonasida qirq nafar xattot va bir qancha naqqoshlar ko‘lyozma
asarlardan nusxalar ko‘chirish va ularni bezash bilan band bo‘lgan. 1429 yilda
A.Firdavsiyning “Shohnoma” asari ko‘chirtirilib, asar 20 ta manzarali
rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda
kitobat san’ati yanada rivoj topadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy
kutubxonasini nodir asarlar bilan boyitishga g‘amxo‘rlik qilganlar.
Keyinchalik Buxoro xonligida ham xattotlik,
miniatyura, rassomlik san’ati, kitob ko‘chirish, ularni naqsh va tasvirlar
bilan bezatish san’ati davom ettirildi. 1624 yilda Samarqandda ko‘chirilgan
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobi o‘sha davr kitobat san’atining
yorqin namunasidir. XVII—XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroda xattotlik va
miniatyura san’ati yaxshi rivojlangan edi. Rassomlar asosan qo‘lyozmalarni
naqshli bezash bilan shug‘ullangan. Masalan, Buxoro xoni Amir Haydar davrida
ijod qilgan Mir Ma’sum Olamiyon “Axloqi Muhsiniy” va Sa’diy asarlarini rasmlar
bilan bezaydi. Mirzo Sodiq Jondoriy amir Nasrulloxon davrida qo‘lyozma
kitoblarga lavhalar, qo‘lyozma asarlardan nusxalar ko‘chirish va bezash bilan
band bo‘lgan.
Qo‘qon xonligida kitobat san’atining mohir
ustalari bo‘lishgan. Nodirabegim buyurtmasiga asosan xattot Muhammad Yusuf
Dabir tomonidan XIX asrda Qo‘qonda ko‘chirilgan Alisher Navoiyning she’rlari
to‘plami “Devoni Alisher Navoiy” kitobi ishlangan bezaklariga ko‘ra dunyoda
yagona nusxadir. Hozir Toshkent davlat sharqshunoslik instituti fondida
saqlanayotgan ushbu asarda musavvir va xattot Navoiy asarlari insoniyatga
quyoshdek nur sochib turishini ramziy tasvirlagan naqshlarni ko‘ramiz.
XX asrning 70–80-yillariga kelib A.Madraimov,
Sh.Salimov, Sh.Muhammadjonov va boshqa olimlarning sa’y-harakatlari natijasi
o‘laroq kitobat san’ati qayta tiklandi. Ushbu an’analarni davom ettirib,
samarali ijod qilayotgan ustalardan biri Sh.Muhammadjonovning “Navoiy
lirikasi”, “Kalila va Dimna”, “Devonu lug‘otit-turk”, “Ipak yo‘li hikoyalari”
asarlari o‘zining nafis bezaklari, tasvirlari bilan kitobat san’atining noyob
namunalari qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Ilmiy-texnik taraqqiyot yuksak
darajada rivojlangan bugungi kunda kitob nashr etish sohasida ham katta
o‘zgarishlar yuz berdi. Avvalgi qo‘l mehnatini kompyuterlar va bosma
uskunalarning egallashi tufayli kitoblarning sifati tubdan yaxshilandi.
Ayniqsa, keyingi yillarga kelib, nashriyotlarimiz har tomonlama sifatli,
chiroyli bezatilgan kitoblarni chop etib, o‘tmish an’analarini davom
ettirishmoqda.
Olmosga teng fikrlaru oltin so‘zlarni zarhal
sahifalarga jo qilgan o‘zbek kitobat san’atining nafis did bilan
tayyorlangan nodir namunalari jahonni lol qoldirib kelmoqda. Qimmatbaho duru
gavharlar, oltinu javohirlar moddiy boylik ramzi deb baholansa, kitob esa shu
moddiy boylik va dunyo go‘zalliklarini yaratuvchi insonning aql mash’ali,
tafakkur faoliyati, qadriyati bo‘lib, o‘tmishning ma’naviy-falsafiy,
madaniy-ma’rifiy tajribalarini kelajak avlodlarga yetkazaveradi.
Комментарии
Отправить комментарий