Kitob tarixi.
Insoniyat rivojida aql-idrok va ruhiy barkamollik
vositasi bo‘lgan kitob buyuk mo‘’jiza. Darhaqiqat, kitob odamzodning
yaqin sirdoshi, yo‘ldoshi va uni asrlardan asrlarga olib o‘tgan ziyo
mash’alidir. Kitoblar faqat bilim
manbai bo‘libgina qolmay, madaniy hayotimizning betakror san’ati sifatida
yashab kelayotir. Xalqimiz azal-azaldan ilmga, kitobga chanqoq. Shu bois
yurtimizda kitobatchilik qadimdan rivojlanib kelgan. Fikrimizga dalil sifatida
“Avesto” qo‘lyozmalari, sopol idishlar, charm o‘ramlari, metall buyumlardagi
yozuvlarni aytsak bo‘ladi.
Kitobat san’ati bir qancha
qo‘li gul hunarmandlar tomonidan bajariladigan murakkab jarayonlarni o‘z ichiga
oladi. Jumladan, bular — qog‘ozrez, xattot (kitob va risolalarni ko‘chiruvchi
kotib), lavvoh (lavh yasovchi usta), muzahhib (zarhal beruvchi mo‘yqalam
sohibi), musavvir (rassom), sahhof (muqovasoz)lardan iborat jamoadir.
Qo‘lyozma kitoblarni
tayyorlashda kitob uchun yaxshi, sifatli qog‘oz tanlash muhim bo‘lgan. Bu
o‘rinda Samarqand qog‘ozi, ayniqsa, o‘zining bejirimligi va sifati bilan dong
taratgan. Samarqand qog‘ozlari miloddan avvalgi davrda Buyuk Ipak yo‘li
orqali Eron, Hindiston, Shom va Rumgacha yetib borgan.
“Maroqand qog‘ozlari, — deb
yozgan edi qadimgi yunon olimi Gerodot “Tarix” asarida, — o‘zining sifati,
yozuvning tiniq ko‘rinishi, ixchamligi bilan Xitoy qog‘ozlaridan yuqori
turadi”. Tarixchi Narshaxiyning VI—VII asrlardan hikoya qiluvchi
mashhur “Buxoro tarixi” hamda Firdavsiyning “Shohnoma” asari ham Samarqand
qog‘oziga bitilgani tufayli bugungi kungacha yetib kela olgan. Bobur o‘zining
“Boburnoma” asarida Samarqand qog‘ozi haqida quyidagi ma’lumotlarni yozib
qoldirgan: “Dunyoda eng yaxshi qog‘oz Samarqanddin keltiriladur”. Aytish
kerakki, Samarqand XIX asrning birinchi yarmigacha ko‘pgina mamlakatlarning
qog‘ozga bo‘lgan ehtiyojini qondirib kelgan. Hatto Shosh, Tabriz shaharlarida
Samarqand qog‘ozlari sotiladigan do‘konlar bo‘lgan.
Xattotlar matnni qog‘ozga
yozishda mistar (maxsus qog‘oz-karton) ustiga ip tortib uning izini matn yoziladigan
qog‘ozga tushirib olganlaridan so‘ng matn yozishga kirishganlar. Matnni qanday
joylashtirish xattotning mahoratiga bog‘liq bo‘lgan. Yozilgan matnni lavvoh
hoshiyali qog‘ozga yelimlagan, uning ustidan jadvalkash turli-tuman
ranglarda chiziqlar tortib, matnni jadvalga olgan. Keyin esa muzahhib oltin
suvi va turli ranglar bilan qo‘lyozmani ziynatlagan. Bunda muzahhiblar “shams”,
“lavha”, “sarlavha”, “zarvaraq”, “xotima” kabi naqshlardan foydalanganlar.
Bo‘sh qoldirilgan joylarga musavvirlar miniatyura ishlaganlar. Ular
rasmlarni turli ranglarda, oltin, kumush ishlatgan holda bo‘yaganlar.
Nihoyat, muqovachilar qo‘lyozmaga naqsh va turli xil bo‘yoqlar bilan jilo
berganlar, oltin suvlari yurgizilgan charm muqovaga biriktirganlar. Muqovaning
qopqog‘i ko‘pincha bosma, o‘yma, qadama naqshlar, yorqin rasmlar bilan
bezatilgan kumush yoki yog‘ochdan bo‘lgan.
Temuriylar hukmronligi
davrida kitobat san’ati yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. O‘sha davrlarda
mashaqqatli mehnat bilan bunyodga kelgan nafis kitoblar oz nusxada, nihoyatda
qimmat bo‘lar edi. Bunday kitoblar ko‘pincha podshohlar, amirlar va davlatmand
kishilar buyurtmasi bilan ishlanar va maxsus kutubxonalarda saqlanardi. Kitobat
va xattotlik san’ati XIV—XV asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi.
Mashhur xattot Mirali Tabriziy nasta’liq xatini kashf etadi. Mohir xattotlardan
biri Sultonali Mashhadiy, Nizomiy Ganjaviy, Farididdin Attor, Hofiz Sheroziy,
Sa’diy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa
ijodkorlarning asarlarini mahorat bilan ko‘chirgan. Sultonali Mashhadiy
tomonidan ko‘chirilgan 50 dan ziyod kitob hozirgi kunga qadar yetib kelgan. U
o‘ymakorlik san’atida ham mohir bo‘lib, Husayn Boyqaroning “Bog‘i Jahonoro”
bog‘idagi saroy va boshqa binolarning devorlariga o‘yib bitiklar yozgan.
Temuriy hukmdorlar
devonxonalari qoshida, xususan, Samarqand va Hirotda saroy kutubxonalari
tashkil etilib, ularning boshliqlari “kitobxona dorug‘asi” yoki “kitobdor” deb
atalgan. Ularning qo‘l ostida ko‘plab xushnavis xattotlar, qo‘li gul naqqoshlar,
musavvirlar, mohir lavvohlaru sahhoflar buyurtmalar bajarganlar. Masalan, XIV
asrning birinchi yarmida Hirotda Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur Mirzo
kutubxonasida qirq nafar xattot va bir qancha naqqoshlar ko‘lyozma
asarlardan nusxalar ko‘chirish va ularni bezash bilan band bo‘lgan. 1429 yilda
A.Firdavsiyning “Shohnoma” asari ko‘chirtirilib, asar 20 ta manzarali
rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda
kitobat san’ati yanada rivoj topadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy
kutubxonasini nodir asarlar bilan boyitishga g‘amxo‘rlik qilganlar.
Keyinchalik Buxoro xonligida
ham xattotlik, miniatyura, rassomlik san’ati, kitob ko‘chirish, ularni naqsh va
tasvirlar bilan bezatish san’ati davom ettirildi. 1624 yilda Samarqandda
ko‘chirilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobi o‘sha davr kitobat
san’atining yorqin namunasidir. XVII—XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroda
xattotlik va miniatyura san’ati yaxshi rivojlangan edi. Rassomlar asosan
qo‘lyozmalarni naqshli bezash bilan shug‘ullangan. Masalan, Buxoro xoni Amir
Haydar davrida ijod qilgan Mir Ma’sum Olamiyon “Axloqi Muhsiniy” va Sa’diy
asarlarini rasmlar bilan bezaydi. Mirzo Sodiq Jondoriy amir Nasrulloxon davrida
qo‘lyozma kitoblarga lavhalar, qo‘lyozma asarlardan nusxalar ko‘chirish va
bezash bilan band bo‘lgan.
Qo‘qon xonligida kitobat
san’atining mohir ustalari bo‘lishgan. Nodirabegim buyurtmasiga asosan xattot
Muhammad Yusuf Dabir tomonidan XIX asrda Qo‘qonda ko‘chirilgan Alisher
Navoiyning she’rlari to‘plami “Devoni Alisher Navoiy” kitobi ishlangan
bezaklariga ko‘ra dunyoda yagona nusxadir. Hozir Toshkent davlat sharqshunoslik
instituti fondida saqlanayotgan ushbu asarda musavvir va xattot Navoiy asarlari
insoniyatga quyoshdek nur sochib turishini ramziy tasvirlagan naqshlarni
ko‘ramiz.
XX asrning 70–80-yillariga
kelib A.Madraimov, Sh.Salimov, Sh.Muhammadjonov va boshqa olimlarning
sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq kitobat san’ati qayta tiklandi. Ushbu
an’analarni davom ettirib, samarali ijod qilayotgan ustalardan biri
Sh.Muhammadjonovning “Navoiy lirikasi”, “Kalila va Dimna”, “Devonu
lug‘otit-turk”, “Ipak yo‘li hikoyalari” asarlari o‘zining nafis bezaklari,
tasvirlari bilan kitobat san’atining noyob namunalari qatoridan munosib o‘rin
egallaydi. Ilmiy-texnik taraqqiyot yuksak darajada rivojlangan bugungi kunda
kitob nashr etish sohasida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Avvalgi qo‘l
mehnatini kompyuterlar va bosma uskunalarning egallashi tufayli kitoblarning
sifati tubdan yaxshilandi. Ayniqsa, keyingi yillarga kelib, nashriyotlarimiz
har tomonlama sifatli, chiroyli bezatilgan kitoblarni chop etib, o‘tmish
an’analarini davom ettirishmoqda.
Olmosga teng fikrlaru oltin
so‘zlarni zarhal sahifalarga jo qilgan o‘zbek kitobat san’atining nafis
did bilan tayyorlangan nodir namunalari jahonni lol qoldirib kelmoqda.
Qimmatbaho duru gavharlar, oltinu javohirlar moddiy boylik ramzi deb baholansa,
kitob esa shu moddiy boylik va dunyo go‘zalliklarini yaratuvchi insonning aql
mash’ali, tafakkur faoliyati, qadriyati bo‘lib, o‘tmishning ma’naviy-falsafiy,
madaniy-ma’rifiy tajribalarini kelajak avlodlarga yetkazaveradi.
Комментарии
Отправить комментарий