KUTUBXONADA XIZMAT KO‘RSATISH TURLARI VA KITOB KO‘RGAZMASI TASHKIL ETISH YUZASIDAN TAVSIYALAR
XIZMAT KO‘RSATISHNING
ASOSIY SHAKLLARI
Ko‘chmas kutubxona xizmati
Ko‘chma xizmat ko‘rsatish
Masofaviy axborot ko‘rsatish
Ko‘chmas kutubxona
xizmati – kutubxonaning har qanday xizmat turini foydalanuvchilarga
kutubxona hududidan tark etmagan holatda ko‘rsatiladi. Bunga: foydalanuvchilarga
abonement orqali xizmat ko‘rsatish va o‘qish zallari va boshq.
Foydalanuvchilarga kitobxonlik formulyari, kutobxona
ID karta va boshqalar orqali xizmat ko‘rsatadi.
Ko‘chma kutubxona – statsionar kutubxonadan uzoqda joylashgan aholi guruhiga
xizmat ko‘rsatish maqsadida joyini o‘zgartiruvchi va maxsus jihozlangan hamda moslangan
transport vositasi (bibliobus va h.k.)da joylashgan kutubxona.
Masofaviy axborot
ko‘rsatish– kutubxona muassasalarining
foydalanuvchilarga aloqa kanallari orqali ko‘rsatadigan xizmati.
Kutubxona xizmatlari
Kutubxonaning asosiy xizmat turlari – foydalanuvchilarga
kitoblar va bosma ko‘rinishdagi boshqa hujjatlar, audiovizual va elektron shakldagi
resurslar hamda masofadan xizmat ko‘rsatish turlari orqali ularga kerakli axborot
bilan ta’minlashdan iborat.
Kutubxonadagi xizmatlar quyidagi ko‘rinishlarda bo‘lishi
mumkin, bular: hujjat, dalil (fakt), kitob o‘qish madaniyati qoidalarini o‘rgatuvchi,
matnlar tarjimasi, hujjatlar kseronusxasi, yangi kelgan adabiyotlar haqida ma’lumotlar
berish va boshq.
Foydalanuvchi kutubxona xizmatlari va resurslaridan foydalanishida
kutubxona xodimi vositachilik sifatida namoyon bo‘ladi. Kutubxona xizmatlarining
asosiy jihati shundaki–foydalanuvchiga kerakli hujjatlar va xizmat turlari bilan
ta’minlashdan iboratdir.
Xizmat turi – kutubxona sharoitida ko‘rsatiladigan turli
xil xizmat turlari orqali foydalanuvchilarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish
va aqliy rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Kutubxonaning eng asosiy va doimiy
xizmat turlari quyidagilar: kitob to‘g‘risida qisqa suhbat yoki hikoya qilib berish,
maslahat, ko‘rgazma, plakat va kerakli xujjatlarni berib va qabul qilib olish.
SHu bilan birga
kutubxonalar qo‘shimcha pullik xizmat turlarini ham foydalanuvchilarga taklif etishlari
mumkin. Bunda aholining talabi va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Bu qo‘shimcha xizmatlar kutubxonachining asosiy ish tartibiga zarar etkazmagan taqdirdagina
amalga oshirish o‘rinli hisoblanadi.
KUTUBXONA MUASSASALARI TOMONIDAN O‘TKAZILADIGAN OMMAVIY TADBIRLAR
Ommaviy tadbirlarning shakllaridan biri kitob ko‘rgazmasi
bo‘lib, ko‘rgazmada kitoblar o‘z-o‘zidan mahsulot reklamasiga aylanadi. Ommaviy tadbirlarning og‘zaki shakli – bu obzor, mavzuli
kechalar, seminar, trening, mashg‘ulotlar, viktorinalar va boshq.
Ochiq eshiklar
kuni, kitob haftaligi, tok-shoular ommaviy tadbirlarning murakkab (kompleks) shakliga
to‘g‘ri keladi.
Kitob ko‘rgazmasini
tayyorlash metodikasi.
Katalog va kartotekalar, ro‘yxatlar, bibliografik ko‘rsatkichlarga
nisbatan kitob ko‘rgazmalari adabiyotlar targ‘ibotining keng qo‘llanadigan shaklidir.
Bundagi adabiyotni bevosita ko‘rsatish har qanday kitobxon diqqatini o‘ziga tortadi.
Ko‘rgazmaning samarasi, ta’siri uni tayyorlash sifatiga bog‘liq.
Ko‘rgazmani tayyorlash jarayoni mavzuni tanlash bilan
boshlanadi. Kutubxonalarning vazifasi davrning dolzarb masalalari, dunyo va mamlakat
hayoti, fan-texnika, madaniyat yutuqlari, ijtimoiy-siyosiy voqealar, muhim sanalar
va yubileylarga oid adabiyotlarni o‘z vaqtida targ‘ib qilib borishdan iborat. Ko‘pgina
ko‘rgazmalar boshqa ommaviy tadbirlarga qo‘shimcha sifatida tashkil qilinadi. Kitob
ko‘rgazmasini tashkil etishga kirisha turib, avval muhim mavzu tanlab olinadi. SHundan
keyin kitob fondiga murojaat etiladi. Bu erda u yoki bu adabiyotning yo‘qligi yoki
etarli emasligi kabi qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelish mumkin. SHuning uchun
avvalo fondni mavzu bo‘yicha tahlil qilib, shundan keyingina ko‘rgazma tayyorlanadi.
Kitobxon uchun ko‘rgazmaning qimmati unda ko‘rsatilayotgan
adabiyotlar bilan belgilanadi. Adabiyotlar avvalo g‘oyaviy, badiiy jihatdan puxta,
yangi, kitobxon talabiga mos bo‘lishi kerak. Tanlangan adabiyotlar chuqur o‘rganilib,
tizimlashtiriladi. SHundan keyin ko‘rgazmani shakllantirish bosqichiga o‘tiladi.
Ko‘rgazma kitobxonga estetik ta’sir etadigan, uning diqqatini kitobga qaratadigan,
kerakli yo‘nalishga sola oladigan darajada shakllantirilishi zarur. Ko‘rgazmani shakllantirishda bir necha jihatlarni hisobga
olish kerak.
1. Kitob vitrinalari. Ko‘rgazmani shakllantirishda
asosiy element hisoblanadi. SHuning uchun tayyorgarlik ko‘rish davomida oldindan
vitrina yoki stendning ko‘rinishini bilish kerak. Ko‘rgazma uchun 3-5ta kitob vitrinasi
olinadi. Har bir tokchasida 6-8 tadan adabiyot joylashtirilishi kerak. Kitob vitrinalarini
P shaklida, yoysimon, to‘lqinsimon, burchakli, shaxmatsimon joylashtirish mumkin.
2. Adabiyotlarni
joylashtirish. Adabiyotlarni joylashtirishda
ularning mantiqiy xususiyati hisobga olinadi. Adabiyotlar mavzuni yoritib bera olish
darajasida joylashtirilishi kerak. Ularni joylashtirishda masalani tizimli yoritish
tartibi qo‘llaniladi. Tanlangan rasmlar adabiyot mazmuniga mos ravishda kitob bilan
yonma-yon joylashtiriladi. Adabiyotlarni joylashtirishda muqovaning rangiga ham
e’tibor berish kerak. Ayrim sahifalardagi portretlar, rasmlar, rangli tasvirlarni
ochib qo‘yish mumkin. Kitoblar ustma-ust qo‘yilmaydi. Jurnallardan, to‘plamlardan,
asarlar to‘plamining ayrim tomlaridan olingan maqolalar ikki usulda ko‘rsatiladi.
Kitob muqovasiga muallif nomi, maqolaning sarlavhasi va betlari ko‘rsatilgan kartochka
qistirib qo‘yiladi yoki jurnalning o‘sha maqola boshlangan varag‘i ochib qo‘yiladi
va kartochkada jurnal nomi, nashr yili, asarlar to‘plamining nomi, jild soni hamda
betlari ko‘rsatiladi. Ko‘rgazmada gazetani ko‘rsatish bir oz murakkab. CHunki uning hajmi katta, shuning uchun gazeta buklab qo‘yiladi,
bu esa uni ko‘rgazmadan olib ko‘rishda qiyinchilik tug‘diradi. SHuning uchun gazeta
maqolalarining kseronusxalarini qo‘yish mumkin.
3. Sarlavhaning ahamiyati.
Kitobxon diqqatini tezda jalb etadigan element ko‘rgazmaning
sarlavhasidir. U ko‘rgazmaga ma’naviy urg‘u beradi. Sarlavha sodda, qisqa, kitobxon
qabul qilishi uchun oson bo‘lishi kerak. Sarlavha o‘lchami va unga tanlangan rang
ko‘rgazmaning mazmuniga mos bo‘lishi shart.
4. Sitata, matn va
illyustratsiyalardan foydalanish.
Ko‘rgazma mavzusiga mos tanlangan sitata, qisqa matn va
turli illyustratsiyalar ko‘rgazmaning ta’sirchanligini oshiradi. Ko‘rgazma nomiga
va alohida har bir bo‘lim uchun sitata tanlanadi. Ularni yozishda mazmunga mos holda
rang tanlanadi. SHrift belgilab olinadi. Lekin faqat ikki uchta rang tanlanishi
kerak, undan ortig‘i kitobxonni charchatadi. Bundan tashqari, har bir rang o‘z xususiyatiga
ega ekanligini yodda tutmoq lozim. Bu ko‘proq ularning qo‘llanilishida namoyon bo‘ladi.
Sof ranglarga qizil, ko‘k, sariq ranglar kiradi. Quyidagi ranglar o‘zaro uyg‘unlik
hosil qiladi: qora rang– sariq, olovrang, tilla va kumushrang bilan; qizil-oq-ko‘k; oq rang – ko‘k, qizil
va yashil rangda. O‘zaro nouyg‘un ranglar:sariq qizil rangda, ko‘k sariq rangda.
5. Kartoteka.
Ko‘rgazmaga hajmi uncha katta bo‘lmagan kartoteka ham
tuzilishi maqsadga muvofiqdir. Unda ko‘rgazmadan joy olmagan adabiyotlarning (mavzu
doirasida) tanlab tavsiflangan kartochkalari joylashtiriladi.
6. Ko‘rgazma bilan
ishlash.
Ko‘rgazmadagi adabiyotlarni o‘qish uchun berish, ko‘rgazmaning
o‘zini targ‘ib qilish bo‘yicha ish olib boriladi. Mavzuga oid berilgan kitoblarni
miqdoriga qarab ham ko‘rgazmaning muvaffaqiyatini bilish mumkin. SHuning uchun ko‘rgazmada
berilgan har bir kitob alohida hisobga olib boriladi. O‘tkazmoqchi bo‘lingan yoki
o‘tkazilgan ko‘rgazma tadbirlarining tahlili, har qanday kutubxona uchun muhim yo‘nalish
hisoblangan ushbu faoliyatni mukammallashtirib, tadbirni kitobxonlarning talab va
qiziqishlariga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
KITOB KO‘RGAZMASI
TURLARI
Kutubxona faoliyatida kitob ko‘rgazmasi eng asosiy ishlardan
biri hisoblanadi. Kutubxonada an’anaviy kitob ko‘rgazmasi faol olib boriladi.
Ko‘rgazma turlari:
• Yangi adabiyotlar ko‘rgazmasi;
• Dolzarb mavzu va masalalar bo‘yicha ko‘rgazma;
• Shaxsga oid ko‘rgazmalar;
• Muhim va unutilmas sanalarga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar.
Har bir ko‘rgazmaning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
YAngi adabiyotlar ko‘rgazmasining asosiy maqsadi–yangi olingan kitoblar haqida kitobxonlarga
tizimli ravishda axborot berib borish (kitob, gazeta, jurnal, foto va video-ma’lumotlar).
Ko‘p hollarda bu ko‘rgazmalar tarkibi universal hisoblanadi. Kitob ko‘rgazmada turli
soha yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar joy olishini inobatga olgan holda, ko‘rgazmadagi
adabiyotlar sistemali joylashtiriladi. An’anaviy ko‘rgazmalar masalan – «Yangi kitoblar»
deb nomlash namunaga aylanib qolgan, shuning uchun yangi ko‘rgazma nomlarini kashf
etish kerak, masalan: «Bizga yangi kitoblar keldi», «Kitob javonida yangi kitoblar» va boshqalar. Dolzarb mavzu va
masalalar yuzasidan tashkil etiladigan ko‘rgazmalarning asosiy maqsadi – foydalanuvchilarni
aniq bir mavzu, muammo ko‘rgazma orqali yoritish va e’tiborini jalb eta oladigan
adabiyotlarni tavsiya etishdir. Foydalanuvchilar uchun dolzarb va qiziqarli mavzularni
tanlash kutubxonachining vazifasidir. Bunda kutubxonachi o‘z bilimi, salohiyatini
ishga solgan holda mavzuga oid sarlavhalar topishi kerak. Masalan: «Odam savdosidan
ogoh bo‘ling», «Kichik biznes va tadbirkorlik». Virtual kitob ko‘rgazmasi - bu internet
tarmog‘ida veb-texnologiyalardan foydalangan holda matbuot va bosma nashrlarning,
shuningdek kutubxonadan masofadan turib foydalanuvchilar uchun ko‘rish, tanishish
va ulardan foydalanish uchun tavsiya etiladigan elektron resurslar. Ko‘rgazma nashrlarining
virtual taqdimoti ularning mazmunini ochib beradi, elektron shaklda mavjud bo‘lgan
va internet orqali erkin foydalanish mumkin bo‘lgan bibliografik, ensiklopedik,
faktografik materiallar bo‘lishi talab etiladi.
SHaxsiy ko‘rgazma – biror bir shaxs to‘g‘risida ko‘proq
ma’lumot berish va uning faoliyatiga taalluqli ma’lumotlar bilan ko‘rgazmani boyitish.
Bunday ko‘rgazmalar asosan, shoir va yozuvchilar, rassomlar, kompozitorlar, olimlar,
siyosatshunoslar, tarixchilar va boshq.
Ko‘rgazmaning birinchi bo‘limida shaxs hayoti va ijodi
bo‘yicha;
Ko‘rgazmaning ikkinchi bo‘limida uning faoliyati va asarlari
aks ettiriladi.
Muhim va unutilmas sanalarga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar
asosan kalendarning qizil rangi bilan belgilangan sanalarga bag‘ishlab o‘tkaziladigan
ko‘rgazma turidir.
Biror bir hodisa, bayram, tarixiy urf-odat, an’analar ko‘rgazmada
aks ettiriladi. Mashhur kishilarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitob ko‘rgazmalari
- yozuvchi, shoirning hayot yo‘lini yoritib bersa, ikkinchidan kitobxonni uning
asarlari, u haqidagi nashrlar bilan tanishtiradi. Bunda biografik ocherklar, xotiralar,
asarlar to‘plamlari, yozuvchi yoki shoirning ijodi to‘g‘risidagi asarlar qo‘yiladi.
Hujjatlar – fotorasmlar, portretlardan foydalanish muhim
ahamiyatga ega. «G‘azal mulkining sultoni», «Alisher Navoiy mutafakkir shoir»,
«Kamoliddin Behzod ijodi XXI asrda», «Abdulla Avloniy-ma’rifatparvar shoir» nomli
ko‘rgazmalar tashkil etish mumkin.
Janr ko‘rgazmasi – uning maqsadi kitobxonlar e’tiborini
bir janrdagi kitoblarga jalb qilish va qiziqtira olish, o‘qishga ilhom bag‘ishlashdan
iborat. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Variantlardan biri ko‘rgazmada nafaqat
ma’lum bir janr asarlari, balki ushbu janrning kelib chiqishi, uning asoschilari,
uning tarixidan qiziq va jamiyatda ma’lum qilinmagan faktlar haqida ma’lumot berishdir.
Kutubxonachiga bunday ko‘rgazmani tashkil etishda birinchi
yordamga ensiklopedik lug‘atlar va terminologik adabiyotlar qo‘l keladi. Masalan,
ko‘rgazmani quyidagicha nomlash mumkin: «Ertaklarning sehrli olami» ko‘rgazmadan
ko‘zlangan maqsad – bolalarni ertaklarning turli xil yo‘nalishdagi janrlari bilan
yaqindan tanishtirishdir. Bunday ko‘rgazmalarning turli ko‘rinishdagi nomlari bo‘lishi
mumkin: «Sehrli ertak», «Jonivorlar haqida ertak», «Uy yumushlari haqidagi ertaklar»
va h.k.
Bir asar ko‘rgazmasi – bu ko‘rgazmaning unutilmas shaklidir. Ko‘rgazmaning
maqsadi kitobxonni biror bir aniq kitobga qiziqtirish va aynan shu kitob bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham
ko‘rgazma sifatida taqdim etish maqsadga muvofiq. Bu – ko‘rgazmaga qo‘yilgan kitobning
muallifi haqida, uning hayoti
va ijodi, kitobning yaratilish tarixi, asar qahramonlari haqida va ularning taqdiri,
asarga bag‘ishlab chizilgan
bir qancha rassomlar
tomonidan yaratilgan rasmlar va asardagi lavhalarni aks ettiruvchi fotosuratlar
joylashtirilishi mumkin. Bunday ko‘rgazmada kitob tanlashda to‘g‘ri tanlov juda muhim hisoblanadi. Tanlangan kitob oddiy emas
balki yorqin, mazmunli, qiziqarli bo‘lishi zarur. Masalan, o‘tgan asrlarda chop
etilgan yoki zamonaviy klassik asarlari, o‘lkashunoslikka doir adabiyotlar bo‘lishi mumkin.
Unutilgan asarlar ko‘rgazmasi – bu ko‘rgazmaning vazifasi, ba’zi sabablarga
ko‘ra kitobxonlar tomonidan foydalanmay qo‘yilgan badiiy va ilmiy jihatdan mashhur bo‘lgan kitoblardan
tarkib topishi mumkin. Bu ko‘rgazma turi ayniqsa yoshlar uchun ahamiyatli hisoblanadi. Ularning
ko‘p qismi zamonaviy adabiyotlarni
mutolaa qiladilar, ota-onalarimiz qanday kitoblar o‘qiganliklari haqida unchalik ham ma’lumotga ega
bo‘lmaydilar. SHulardan kelib chiqqan holda ko‘rgazmalarni quyidagicha nomlashimiz mumkin: “Ota-onalarimizning sevimli
kitoblari” yoki “Biz o‘qigan kitob va sen ham o‘qi”. Bunday ko‘rgazmalar ikki avlod o‘rtasidagi o‘zaro tushunish,
bir-birini anglash mutanosibligini mo‘‘tadillashtirishga turtki bo‘ladi hamda bugungi yoshlarning rivojlanishi uchun
zamin yaratuvchi ma’naviy va axloqiy yo‘nalishdagi kitoblarni qaytarishga yordam beradi.
Ekspress-ko‘rgazma-biror-bir nashrning turli xil guruhdagi
kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan qiziqarli mavzulardagi materiallardan tashkil
topgan ko‘rgazmaviy tezkor shakli. Bunday ko‘rgazmalar ma’lum bir kun nomiga yoki
biror mavzuga mo‘ljallab tashkil etilsa 3-5 kun oralig‘ida ko‘rgazma sifatida ko‘rgazmaviy
tokchalardan joy oladi. Misol tariqasida ko‘rgazmaning markazida “Qiziqarli maqola”,
“Diqqat qiling yangi kitoblar” nomli kitob yoki maqola joylashtirilishi mumkin.
Bunda belgilab olingan mavzuga oid turli mualliflar tomonidan taqdim etilgan kitoblar
yoki maqolalar ko‘rgazmadan joy egalaydi.
Kitob ko‘rgazma ekspozitsiyasi – bu kutubxonada o‘tkaziladigan
ko‘rgazmalar mavzusidan kelib chiqqan holda mavzuga oid aksessuarlar, buyumlar bilan
boyitilsa ko‘rgazma mavzusiga chuqurroq kirib borishga imkon beradi. Albatta kutubxonada
ko‘rgazmaning mavzusiga oid aksessuarlar mavjudligi inobatga olinishi kerak. Agarda
kutubxona fondida bunday imkoniyat mavjud bo‘lmasa muzeylar bilan hamkorlikda ish
olib borish maqsadga muvofiq. Bunda aynan eksponat yoki aksessuarlarning aslidan
foydalanmasdan ularning suratlarini ko‘rgazmaviy qurol sifatida foydalanish mumkin.
Ko‘rgazmani birgalikda yaratamiz – bunday ko‘rgazma turi
tabiiy xom-ashyolar, o‘yinchoqlar va boshqa buyumlardan tashkil topgan bo‘lib, masalan
qo‘l mehnati bilan yasalgan kichik bir daraxt bor, uning yoniga ba’zi mehnat qurollarini
joylashtiriladi rangli qog‘ozlar, gullar, qog‘ozlardan yasalgan katta harflar va
yana o‘z farazimizdan kelib chiqqan holda qo‘shimchalar qilish mumkin. Endi daraxtni
foydalanuvchilar tomonidan o‘zlari sevib mutolaa qiladigan boshqalarga tavsiya qilishni
istaydigan kitoblarini o‘zlari istagan mehnat qurollari orqali yozib qoldirishlari
mumkin. Bu ham sevimli kitoblar ko‘rgazmasi va o‘yin turiga to‘g‘ri keladi. Ko‘rgazmada
tavsiya etilgan adabiyotlardan mavjud kitoblar daraxti paydo bo‘ladi. Ko‘rgazma
sovg‘a – bu yaxshi kitob bilan kutilmagan uchrashuv, sovg‘a.
Bunday ko‘rgazma
turlari shinamlik va bayramona muhitni keltirib chiqaradi. Foydalanuvchilar toifasidan
kelib chiqqan holda kutubxonachilar tomonidan kitoblar tanlab olinadi va ularni
bayramona kayfiyat keltirib chiqaradigan ko‘rinishda o‘raladi, maqsad – foydalanuvchilarning
e’tiborini jalb qilish. Sovg‘a sifatida o‘ram ichida qaysi kitob yashiringanligini
kitobxon bilmaydi, ko‘rgazmaning sharti tanlangan kitob o‘ramini uyda ochish tavsiya
etiladi. Masalan kutubxonachi bolalarga uylarida o‘qish uchun kitoblarni tanlab
olishlarini aytadi. Kitoblar qog‘ozga o‘ralgan holda va kitobxon qaysi kitobni olayotganligini
bilmaydi. Jasorat uchun sovrinlar beriladi. Kitobni qaytib olayotganlarida o‘quvchi
bilan kitob nima haqida yozilgani to‘g‘risida suhbat o‘tkazish tavsiya etiladi.
Ushbu uslub kitobxonlik madaniyatini oshirish bilan bir qatorda unitilib ketayotgan
mashhur asarlarni qayta jonlanishiga olib keladi.
Kutubxonalarda tobora interfaol ko‘rgazma turi ommalashib
bormoqda. Bu bevosita kutubxonachi va foydalanuvchi o‘rtasida muloqotni yuzaga keltiradi va yaratilgan ko‘rgazma to‘g‘risida suhbatlar
olib boriladi va muammolar o‘rganiladi.
Комментарии
Отправить комментарий